Poyezd bilan Toshkent shahriga kirish-chiqishda cheklov o‘rnatilganmi?

So‘nggi kunlarda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortib borayotganligini inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligining taklifiga binoan bugungi kunga qadar Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan joriy etilgan tartib va cheklovlarga qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 28 iyunidan 12 iyuliga qadar Toshkent shahriga qo‘shni viloyatlardan avtotransport (avtobus, avtomobil) vositalari orqali o‘ta zarurat bo‘lmagan hollarda kirish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatildi. O‘tgan bir hafta mobaynida Respublikamizning barcha hududlaridan “Oʼztemiryoʼlyoʼlovchi” aksiyadorlik jamiyatiga qilingan yuzlab telefon qo‘ng‘iroqlarining aksariyatida «poyezdda Toshkent shahriga kirish-chiqishda cheklov o‘rnatilganmi?» degan savol bilan murojaat bo‘lgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, temir yo‘l vokzallariga kirishda doimiy ravishda karantin talablariga, sanitariya gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, yo‘lovchilarning tana harorati o‘lchanib, tibbiy niqob va qo‘lqoplar berilmoqda. Bundan tashqari, poyezdlar reysga chiqishdan oldin hamda manzilga yetib borgach, yo‘lovchilar vagondan tushganlaridan so‘ng sanitariya epidemiologiya markazi xodimlari tomonidan vagonlarda dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi. Shu bois poyezdlarda Toshkent shahriga kirish-chiqishda hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan.

Yo‘lovchilar chiptalarni «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati veb-sayti orqali e-ticket.railway.uzdan elektron tarzda ham xarid qilishlari mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan bilib olishingiz mumkin.

"O'ztemiryo'lyo'lovchi" AJ