• ru
  • en
  • uz

Andijon Birlashgan kasalxonasining ilmiy tibbiy salohiyati ortib bormoqda

So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan sogʼliqni saqlash tizimini tubdan isloh etish, xalqimizga tibbiy yordam ko‘rsatish ishlarini xalqaro darajaga olib chiqish borasida islohotlar amalga oshirilyapti. Natijada, sog‘liqni saqlash tizimining barcha bo‘g‘inlarida muhim o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Tibbiyotning birlamchi tizimidan tortib, ixtisoslashgan markazlarda yangi texnologiyalar, yangi anʼanalar tatbiq etilmoqda.

Temir yo‘l tizimdagi shifoxonalarda ham mazkur islohotlar ijrosi taʼminlanib kelinmoqda. Xususan, soha shifoxonalarining tibbiyot institutlari bilan hamkorlikda faoliyat olib borishi yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda. Bu anʼananing yaxshi, samarali tomonlari ko‘p. Eng avvalo, shifoxona bemorlari “professor ko‘rigi”ga erishadilar, qolaversa, shifokorlar ham o‘z ishlariga katta masʼuliyat bilan yondoshib, o‘z bilim, tajriba va malakalarini oshiradilar.

Аndijon bekati birlashgan shifoxonasi bilan Аndijon tibbiyot institutining birgalikda faoliyati ham ana shu maqsadda tashkil etildi.

– Shifoxonamizda institutning umumiy jarrohlik kafedrasi xodimlari ishlamoqda, – deydi Аndijon bekati birlashgan shifoxonasi bosh shifokori Dilorom Mashrapova. – Kafedra mudiri Sarvar Saloxiddinov, tibbiyot fanlari doktori, professor Husanboy Musashayxov, assistentlar – Eduard Vasileevskiy, Sirojiddin Аxmadaliev, Omonjon Dadaboev hamda Elyor Usmonovlar xodimlarimiz bilan bir safda ishlab, bemorlarga amaliy tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqdalar.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan bemorlarga tibbiy maslahat, aniq tashxis, umumiy tibbiy koʼrik ishlari samarali amalga oshirilmoqda. Eʼtiborlisi, shifoxonaga institut tibbiyot xodimlari jalb etilgandan buyon pullik xizmatlar soni sezilarli oshdi. Bemorlar ham o‘z salomatliklari uchun qayg‘uradigan, sifatli davolash jarayonlarini olib boradigan shifokorlar soni ko‘payganidan mamnun bo‘lishmoqda.

Mazkur hamkorlik, o‘z oʼrnida, tibbiyot muassasasi xodimlarining ilmiy izlanishlar olib borish imkonini beribgina qolmay, kelgusida jarrohlik sohasida ilmiy loyihalar amalga oshirilishini ham ko‘zda tutadi. Shu jihatdan, hali qilinadigan ishlar qamrovi ham, ko‘lami ham katta. Chunki maqsad ham katta – temir yo‘l sog‘liqni saqlash yo‘nalishini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar malakasini oshirishdir.