• ru
  • en
  • uz

Temir yo'l harakati xavfsizligi bo'yicha profilaktika choralari

 

“Toshkent mintakaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi “O‘rta-Ovul” stansiyasi jamoasi tashabbusi bilan temir yo‘l harakati atrofida qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida uchrashuvlar  va davra suhbatlari o‘tkazilishi an’anaga aylangan.

Shunday tadbirlardan biri Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 14-sonli umumta’lim o‘rta maktabi hovlisida bo‘lib o‘tdi. “Temir yo‘l hududida ogoh bo‘lgin, o‘quvchi” shiori ostida o‘tkazilgan uchrashuvda “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Transport IIBB xodimlari, Zangiota tumani hokimiyatining Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi vakillari, Zangiota tumani XTB vakillari, Temir yo‘l hududiga chegaradosh bo‘lgan o‘rta maktablarning o‘qituvchi va o‘quvchilari, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi. 
Bu galgi tadbirning asosiy maqsadi poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash va yosh avlod tomonidan temir yo‘l hududida huquqbuzarlik va qoidabuzalliklarni oldini olishga bag‘ishlandi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar tomonidan poyezdlarga tosh otmaslik, temir yo‘ldan o‘tayotganda uyali aloqalardan, quloqchinlardan foydalanmaslik, transport infratuzilmasiga zarar yetkazmaslik, vagonlar ustiga chiqmaslik va tagidan o‘tmaslik, chorva mollarini ta’qiqlangan joylarda boqmaslik va shunga o‘xshash boshka qoidabuzarliklar haqida o‘quvchilarga ma’lumotlar berildi. 

Shuningdek, Toshkent viloyati hududidagi maktablarda mahalla faollari bilan shu kabi harakat xavfsizligiga bag‘ishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlarini o‘tkazish evaziga qoidabuzarliklar 75 foizga kamaygani e’tirof etildi. O‘z navbatida Toshkent viloyati Zangiota tumani temir yo‘l hududida, ayniqsa, tezyurar poyezdlar yo‘nalishida qoidabuzarliklar qayd qilinmadi. Bu esa o‘z navbatida nazoratni kamaytirmaslikni taqozo etadi. 

Inson olgan ma’lumotni ko‘proq ko‘rish qobiliyati orqali yodida saqlaydi. Shuning uchun maktab o‘quvchilari harakat xavfsizligi mavzusiga bag‘ishlab maketlar va devoriy gazetalar bilan qatnashishdi. Mavzu bir hil, lekin yondoshish turlicha bo‘ldi. Har bir devoriy gazeta o‘quvchilar tomonidan sharhlab berildi. Namoyish etilgan maketlar esa maktab to‘garaklarida tayyorlangan bo‘lib, lokomotivlarning harakatlanish qoidalari namoyon qilindi. 

Tadbir yakunida barcha faol qatnashgan o‘quvchilarga faxriy yorliqlar topshirildi.

Axborot-tahliliy media markazi