Joriy yilning 29 oktyabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning boshqaruv raisi v.b. Xosilov X.N. hamda “Rossiya temir yo‘llari” OAJ bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Pavlov S.A. o‘rtasida, hamda Rossiyaning “Rosjeldorproyekt” AJ, “IERT” AJ va O‘zbekistonning “Boshtransloyixa” AJ loyiha-tadqiqot institutlari rahbarlari ishtirokida ikki tomonlama videokonferens aloqa orqali uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishda hamkorlikni yana-da kengaytirish, hamda “Rosjeldorproyekt” AJ tomonidan sunʼiy yo‘ldosh yordamida temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab yuqori aniqlikdagi raqamli tasvirlarni ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar yuqoridagi ishlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, loyiha-tadqiqot institutlari o‘rtasida mavjud texnik parametrlar va kartografik materiallarni almashishga, hamda birgalikdagi sayi-harakatlarni tashkil etishga kelishib olishdi. Shuningdek, tomonlar Trans-afg‘on yo‘nalishi bo‘ylab kelajakda tashilishi mumkin bo‘lgan yuk hajmlarini hisoblab chiqib, har bir yo‘nalishning o‘ziga xos “afzalliklari” va “kamchiliklari”ni o‘z ichiga olgan maʼlumotlarni tayyorlab afg‘on tomoniga taqdim etishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, Afg‘oniston tomonidan bildirilgan qiziqishni eʼtiborga olib, kelajakda Afg‘oniston temir yo‘llari maʼmuriyatining Xamdo‘stlik mamlakatlari temir yo‘l transporti bo‘yicha Kengashiga qo‘shilish masalasida ham alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Erishilgan kelishuvlarga asosan, yaqin kunlarda Afg‘oniston, O‘zbekiston va Rossiya temir yo‘l maʼmuriyatlarining rahbariyatlari ishtirokida uch tomonlama videokonferensiya orqali uchrashuvni tashkillashtirishga kelishib olindi.
Axborot-tahliliy media markazi