Ijtimoiy sheriklik tamoyillariga asoslangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
11.03.2022
![]()
Kuni-kecha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi aʼzolarining birgalikda kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish bo‘limi mudiri M.Isayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari v.b. M.Radjabov, Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov va masʼul xodimlar, boshqarma, markaz, xizmat, mintaqaviy temir yo‘l uzellari boshliqlari va korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari hamda Respublika Kengashiga aʼzo, tasarrufdagi kasaba uyushma tashkilotlari raislari va faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi barchani majlis kun tartibi bilan tanishtirdi.
Shundan so‘ng, kun tartibidagi birinchi masala yaʼni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi bilan tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan tarmoq kelishuvi majburiyatlarining 2021 yil davomida bajarilishi bo‘yicha aksiyadorlik jamiyatida olib borilgan ishlar haqida bayonot tinglandi. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashining hisobot yili davrida ijtimoiy sherikchilik tamoyillari asosida birgalikda olib borilgan ishlari tufayli kelishuvning 177 ta majburiyatidan 176 tasi to‘liq bajarilgani taʼkidlandi. Tarmoq kasaba uyushmasi tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan hisobotida 2021 yil uchun 1 ta kelishuv, 86 ta jamoa shartnomasi tuzilgan bo‘lib, ular orqali 91889 nafar temiryo‘l va transport quruvchilari, ishlamaydigan pensionerlar va kasaba uyushma aʼzolarining mehnatga doir, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlari qamrab olingani, xususan korxonalarning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda jamoa shartnomalari orqali ishchi-xodimlarni, yoshlarni, ayollarni, pensionerlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash, sog‘lomlashtirish, bandlik, ish haqi kabi masalalarida alohida to‘xtalib, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan raqamlar asosida yig‘ilganlarga bayon etildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala yaʼni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ korxonalarida mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi holati, baxtsiz hodisalarning oldini olishdagi profilaktik ishlar ahvoli to‘g‘risida maʼruzalar tinglanib, mehnatni muhofaza qilish va ish sharoitlarini yaxshilash uchun jami 24,2 mlrd.so‘m sarflangani, shundan “Mehnatni muhofaza qilish fondi” uchun 1,85 mlrd. so‘m, atrof muhitni muhofazalash bo‘yicha chora-tadbirlari amalga oshirish uchun 305,2 mln. so‘m, ishchilarni maxsus kiyim bosh, oyoq-kiyim va shaxsiy muhofaza anjomlari bilan taʼminlash uchun 8,5 mlrd. so‘m, 6501 nafar ishchilar uchun sut mahsulotlari tarqatilgani va bu xarajat 2,42 mlrd. so‘mni tashkil etgani, ishchi-xodimlar 4,49 mlrd. so‘mga sug‘urtalangani, 2021 yilda jabrlanganlar va boquvchisini yo‘qotganlarga 6,48 mlrd so‘m sarflangani haqida axborot berilib, kelgusidagi takliflar bayon etdildi.
Yig‘ilishidagi yana bir masala, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufidagi Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni taʼminlash to‘g‘risidagi axboroti bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.
Bundan tashqari yig‘ilishda muzokaralar uchun kasaba uyushma qo‘mitalarining raislari, temir yo‘l korxonalarining bosh muhandislari ham so‘z oldilar. Yig‘ilishga taklif etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi mehnatkashlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoya qilish bo‘limi mudiri Maxmudjon Isayev O‘zbekiston kasaba uyushmalari hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar va bu borada temiryo‘lchilar kasaba uyushmasining ham o‘z o‘rni borligini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida tashkiliy masalalar bo‘yicha ham maʼlumot berilib, kelgusidagi rejalar belgilangan holda qarorlar qabul qilindi va bir ovozdan Respublika Kengashi aʼzolari tomonidan maʼqullandi.